Tilda, ishda, fikrda birlik – ota-onalar bilan samarali hamkorlik

Yangilik ilmiy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Filologiya fakultetida ota-onalar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim muassasasi va oilalar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlash hamda talabalarning har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdir.

Yig‘ilishni Filologiya fakulteti dekani E.Isomiddinov olib bordi. Dekan o‘z chiqishida ta’kidlaganidek:
“Ota-onalar bilan doimiy va samarali hamkorlik institutimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, talabalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.”

Tadbir davomida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori X.Nishonov ota-onalarga quyidagi masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi:

Talabalar odob-axloq qoidalari daftarchasida belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishi lozimligi va ota-onalarning bu jarayonga doimiy e’tibor qaratishi zarurligi;
Ijara shartnomalari, ijara imtiyozlari va talabalarning yashash sharoitlari bo‘yicha aniq ma’lumotlar;
Talabalarni tanlov va loyihalarda faol ishtirok etishga undash hamda g‘oliblarni moddiy rag‘bat bilan qo‘llab-quvvatlash;
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va axborot savodxonligini shakllantirish;
Talabalarning kiyinish madaniyati, institut jamoasiga hurmat va muassasa intizomiga rioya qilish masalalari.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayns nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i A.Ikramov o‘z ma’ruzasida korrupsiyaga qarshi profilaktika, ochiqlik va ishonch qutisi faoliyati ahamiyatini ta’kidladi:
“Korrupsiya yuzaga kelishidan oldin uning oldini olish, unga qarshi birlashib, qat’iyat bilan kurashish – barchamizning burchimiz. Ishonch qutisi institutimiz faoliyatida oshkoralik va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.”

Uchrashuvning asosiy natijasi – ota-onalar bilan ochiq, ishonchli va samarali muloqot o‘rnatish, talabalarning shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash hamda institutning ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirishdir.