Talabalar bilan “Kibermadaniyatni yuksaltirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi

Yangilik madaniy

Yurtimizda o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti talabalari ishtirokida kiberxavfsizlik va kiber tahdidlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida mutaxassislar kiberxavfsizlikning dolzarb masalalariga to‘xtalib, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan APK formatidagi zararli dasturning smartfonlar va shaxsiy maʼlumotlarga yetkazayotgan xavfi, shuningdek internetdagi turli firibgarlik usullari va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida atroflicha maʼlumot berdilar. Talabalarga zararli fayllarni aniqlash, shaxsiy maʼlumotlarni himoyalash, kuchli parol siyosati va ikki bosqichli autentifikatsiyadan foydalanish kabi amaliy tavsiyalar berildi.

Suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, amaliy misollar orqali firibgarlik holatlarini qanday aniqlash va ularga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar oldilar. Mutaxassislar kundalik hayotda internetdan xavfsiz foydalanish uchun eʼtiborli bo‘lish, nomaʼlum manbalardan dastur yuklamaslik va ruxsatsiz havolalarga kirmaslikni alohida taʼkidladilar.

Tadbir yakunida tashkilotchilar talabalar bilan hamkorlikni davom ettirish, mazkur mavzuda targ‘ibot va treninglarni kengaytirish bo‘yicha rejalarning mavjudligini bildirdi. Kibermadaniyatni yuksaltirish — har birimizning masʼuliyati ekanligi taʼkidlandi.