Haftalik Speaking Club: Amerika madaniyati bilan tanishuv mashg‘uloti o‘tkazildi

Yangilik ilmiy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida ingliz tili amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi Speaking Club mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotni amerikalik o‘qituvchi Emily Tchorz olib bordi.

Uchrashuv davomida talabalar ingliz tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash bilan birga, AQSh ta’lim muassasalarida uchraydigan kundalik madaniy holatlarga oid ma’lumotlar bilan ham tanishdilar. Xususan, Amerika maktablarida keng tarqalgan Peanut Butter & Jelly (PB&J) sendvichini tayyorlash jarayoni amaliy mashg‘ulot sifatida tashkil etildi.

Mashg‘ulot doirasida talabalarga quyidagilar o‘rgatildi:
“Spread jam on bread” — murabboni non ustiga surtish iborasining qo‘llanilishi;
“Twist off the cap” — qopqoqni burab ochish feʼlining amaliy ko‘rinishi;
Amerika maktablarida tushlik madaniyati haqida ma’lumotlar;
Amaliy ingliz tilida instruction writing — yo‘riqnoma tuzish bo‘yicha amaliy topshiriqlar.

Mazkur topshiriqlar davomida talabalar tomonidan yaratilgan yo‘riqnomalar o‘zining ijodkorligi bilan ajralib turdi. Bu jarayon nafaqat til o‘rganish samaradorligini oshirdi, balki talabalar o‘rtasida jamoaviy ishlash, kreativ fikrlash va noverbal kommunikatsiya ko‘nikmalarining rivojlanishiga xizmat qildi.

PB&J sendvichi amerikalik bolalar orasida eng ko‘p iste’mol qilinadigan tushlik turlaridan biri bo‘lib, ushbu mavzu orqali talabalar ingliz tilidagi yangi so‘zlar, oshxona bilan bog‘liq atamalar va real hayotda qo‘llaniladigan iboralarni amalda o‘zlashtirdilar.

Speaking Club doirasidagi navbatdagi mashg‘ulotlarda Amerika madaniyati, kundalik iboralar, zamonaviy slanglar va amaliy speaking mashqlari bo‘yicha yangi mavzular yoritilishi rejalashtirilgan.

Institut talabalari mazkur darslarda ishtirok etish orqali ingliz tilini nafaqat nazariy, balki real hayotiy vaziyatlarda qo‘llash bo‘yicha ham mustahkam ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin.