Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan chet tillari institutiga Qirg‘izistondan mehmonlar tashrif buyurdi

Yangilik ilmiy

Bugun Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan chet tillari institutida muhim va samarali uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh davlat universiteti delegatsiyasi institutimizga tashrif buyurib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida talabalar almashinuvi, ta’lim jarayonini takomillashtirish, akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mehmonlar institut faoliyati, uning moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular chet tillarini o‘qitishda qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar, zamonaviy resurslar va institut infratuzilmasi katta taassurot qoldirganini alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga mustahkam zamin bo‘ldi. Mehmonlar tashrifdan mamnun ekanliklarini bildirib, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.