Til va tarjima fakultetida ijodiy ta’limiy musobaqa

Yangilik ilmiy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Til va tarjima fakultetida yana bir mazmunli tadbir bo‘lib o‘tdi. Ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD M.Abdullayeva tashabbusi bilan 1-bosqich XTA-HU-25 va XTA-FU-25 guruhlari o‘rtasida “Til aspektlari amaliyoti” fani doirasida qiziqarli ta’limiy musobaqa tashkil etildi.

Musobaqa 4 ta dominant yo‘nalish asosida 6 ta shartdan iborat bo‘lib, talabalar bilim, ijodkorlik, sahna mahorati va jamoaviy ishlash ko‘nikmalari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Tadbir talabalarni o‘zining yangi qirralarini namoyon etishga undagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘qituvchilari hay’at a’zolari sifatida ishtirok etib, baholash jarayonida talabalarga ruhiy ko‘mak ko‘rsatdilar.

Taqdimotlarda har ikki guruh o‘ziga xos yondashuvni namoyish etdi:
XTA-HU-25 guruhi mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmidan lavhani ingliz tilida sahnalashtirib, tomoshabinlarga ijobiy kayfiyat ulashdi.
XTA-FU-25 guruhi esa yetim bolalar hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi orqali barchani o‘yga toldirdi.
Musobaqa yakunida XTA-FU-25 guruhi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, XTA-HU-25 guruhining mas’uliyati, intilishi va sahnadagi ishtiroki ham e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Tadbir talabalarning ingliz tili ko‘nikmalarini mustahkamlash barobarida, ularning sahna madaniyati, nutqiy faolligi va ijodiy fikrlashini yanada rivojlantirgan muhim voqea bo‘ldi.