Bugun, 17 - noyabr – Xalqaro Talabalar kuni munosabati bilan institutimizda yoshlar ruhiyatiga, ularning orzu-intilishlariga hamohang tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Zalga to‘plangan yuzlab talabalar ko‘zida quvonch, ishonch va kelajak sari dadil qadam tashlashga bo‘lgan ishtiyoq yaqqol sezilib turdi.
Tadbirning asosiy qismida institut rektori Rivojiddin Karimov so‘zga chiqib, talabalarga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Nutqlarida bugungi yoshlarning ilmga chanqoqligi, yuksak maqsadlari va ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, har bir talabaning kelajagi porloq ekani alohida ta’kidlandi. Rektorning fikrlari yoshlar qalbiga kuch, ishonch va yangi marralar sari intilish bag‘ishladi.
Bayram tantanasining eng hayajonli onlaridan biri — “Besh tashabbus” doirasidagi sport musobaqalarida yuksak natija ko‘rsatgan, institut sha’nini munosib himoya qilgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. G‘oliblar sahnaga chorlanganda zalni qarsaklar, ko‘tarinki ruh va faxr tuyg‘usi chulg‘ab oldi.
Shuningdek, o‘zining bilimdonligi, ijodi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan iqtidorli talabalar ham e’tirof etilib, ularga faxriy yorliqlar topshirildi. Bu e’tirof — ularning mehnatini qadrlash, kelajakdagi yutuqlariga bo‘lgan ishonchning yorqin ifodasiga aylandi.
Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar, samimiy tabriklar va yoshlarning chehrasidagi quvonch ushbu kunni yanada unutilmas va mazmunli qildi.