Qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida “Bayroq estafetasi” keng ko‘lamda davom etmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur estafetaning Namangan viloyati bosqichi yuksak ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilmoqda.
Bugun Yangi Namangan shaharchasining asosiy ko‘chasida estafetani kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kecha Andijon viloyatidan qabul qilingan bayroq karvoni Norin, Uchqo‘rg‘on, Uychi va boshqa bir qator tumanlar hamda Namangan shahridan o‘tib, Davlatobod tumaniga yetib keldi.
Tadbir doirasida Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqib, Davlat ramzlarining ahamiyati, xususan, faxrimiz bo‘lgan bayrog‘imizning yuksak ma’naviy qadr-qimmati haqida gapirdi va yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Shundan so‘ng Davlat madhiyasi ijro etildi hamda harbiylar tomonidan tantanali marsh namoyish qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i bilan bezatilgan avtokarvonni yuzlab aholi vakillari va yoshlar To‘raqo‘rg‘on tumaniga tantanali ravishda kuzatib qo‘ydilar.
Ushbu ezgu tadbirda Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining 300 nafar professor-o‘qituvchi va talabalari ham faol ishtirok etdi.