2025-yil 10–12 noyabr kunlari Tojikiston milliy universiteti Rus filologiyasi fakultetida «MDH mamlakatlarida rus tili va adabiyoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Mirzanazarova Aziza faol ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan anjumanda MDH davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari rus filologiyasi rivojlanishining dolzarb masalalari, ko‘p tilli makonda rus tilini o‘qitish tajribasi, zamonaviy metodik yondashuvlar va ta’lim texnologiyalari bo‘yicha ma’ruza va munozaralarda qatnashdilar.
Tadbir davomida rus tili va adabiyotini o‘qitishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar yaratish hamda ilg‘or metodik ishlanmalarni amaliyotga joriy etish zaruriyati ta’kidlandi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Ishtirokchilar kelgusida ham rus filologiyasi bo‘yicha ilmiy-uslubiy hamkorlikni chuqurlashtirish va malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.