Vazirlik topshirig‘iga muvofiq, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini qo‘shimcha tayyorlov kurslariga jalb etish maqsadida Namangan davlat chet tillar instituti tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumani 4-umumta’lim maktabida “English Zone” nomli bepul tayyorlov kursi tashkil etilgan.
Kursning navbatdagi mashg‘uloti joriy yilning 13-noyabr kuni o‘tkazildi. Unda kafedra o‘qituvchilari o‘quvchilarga ingliz tili fanidan nazariy bilimlarni mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan dars mashg‘ulotlarini olib bordilar.
Ushbu tashabbus yoshlarning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.