Qiziqarli ochiq dars: “Sayohat va ta’til”

Yangilik ilmiy

     Namangan davlat chet tillari institutida ENG_CR_25 guruhi tomonidan o‘qituvchi Xoshimova Maftuna rahbarligida interaktiv va musobaqa tarzida tashkil etilgan ochiq dars o‘tkazildi.
“Sayohat va ta’til” mavzusida bo‘lib o‘tgan ushbu mashg‘ulot ijodkorlik, jamoaviy hamkorlik va yuqori faollik bilan ajralib turdi. Talabalar to‘rt jamoaga bo‘linib, muloqot va so‘z boyligini rivojlantirishga qaratilgan turli mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

      Dars Wheel of Names vositasi orqali boshlangan bo‘lib, barcha talabalarning teng ishtirokini ta’minlovchi qizdiruvchi savollar berildi. Shundan so‘ng talabalar sayohatga oid lug‘atni mustahkamlash maqsadida ish varaqalarini bajardilar.
Dunyo diqqatga sazovor joylari va xalqaro bayramlarga bag‘ishlangan Kahoot viktorinasi esa sinf muhitiga yanada jonli va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Keyingi bosqichda har bir jamoa turli mamlakatlar haqida tayyorlagan ijodiy plakatlarini taqdim etib, o‘zlarining tadqiqot va taqdimot ko‘nikmalarini namoyish etdilar.

     Dars yakunida talabalar onlayn exit ticket orqali o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Eng faol talabalar va jamoalar yuqori natijalari uchun maxsus nominatsiyalar va mukofotlar bilan taqdirlandilar.

     Ushbu ochiq dars qiziqarli mashg‘ulotlar bilan ta’limni uyg‘unlashtirib, talabalarga ingliz tili orqali dunyoni kashf etish imkonini berdi!