Buxoro viloyatida “Cambridge Day” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Cambridge Assessment English tashkiloti hamkorligida o‘tkazilib, mamlakatning turli hududlaridan 300 nafardan ortiq ingliz tili o‘qituvchilarini bir joyga jamladi.
Mazkur nufuzli anjumanda Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Filologiya fakulteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari — M.Tursunova, U.Nasrullayeva, D.Tojiboyev va N.Jalalova faol ishtirok etdilar.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar ingliz tili ta’limida zamonaviy baholash tizimlari, innovatsion pedagogik yondashuvlar hamda kompetensiyaga asoslangan o‘qitish modelining afzalliklari haqida o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Shuningdek, Cambridge Assessment English tashkilotining yetakchi mutaxassislari — Charles Steward, Richard King va Anil Bayer xalqaro standartlar, test tizimlari hamda o‘qituvchilar malakasini baholash mezonlari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
“Cambridge Day” konferensiyasi ingliz tili ta’limi sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va milliy hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.