Bitiruvchilar bandligi va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish

     Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida “Kelajakka qadam” loyihasini targ‘ib qilish va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlarini amalga oshirish, yoshlar bandligini oshirish va tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

     Tadbirni institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori P.Lutfullayev ochib berdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Yoshlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Elyor Ikramov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Begali Xolmurodov, O‘zbekiston Milliy banki “Kelajakka qadam” markazi loyiha kuratori Azimjon Ilxamov hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

     Uchrashuv davomida “Kelajakka qadam” loyihasining asosiy maqsadlari, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Markaziy bank va O‘zbekiston Milliy banki mutaxassislari biznes-reja tuzish, moliyaviy resurslarni boshqarish, risklarni baholash, investitsiyalarni jalb qilish hamda imtiyozli kreditlar haqida tushuntirishlar berib, talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan takliflarni taqdim etdilar.

     Tadbir ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi hamda o‘z startap loyihalari yuzasidan maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Loyiha mas’ullari yoshlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, ularni faol ishtirok etishga chorladilar. Shuningdek, qarorlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

     Qarorlarning to‘liq matni bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin:
     - PQ-60-sonli qaror (http://lex.uz//uz/docs/-7386867) — yoshlar tadbirkorligini va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida.
     - PQ-61-sonli qaror (https://www.lex.uz/uz/docs/-7386917) — oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida.
     - PQ-62-sonli qaror (https://www.lex.uz/uz/docs/-7387025) — yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida.

Tadbir konstruktiv va ochiq muloqot ruhida o‘tkazilib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilandi.