#YOSHLAR_KUNI
“JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT” MAVZUSIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR O‘TKAZILDI
Bugun Yoshlar kuni doirasida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish hamda jaholat va turli zararli g‘oyalar ta’siriga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Namangan viloyati Davlat xavfsizlik xizmati (DXX), Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasi, Namangan viloyati Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasining terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar. Tadbir davomida institutning birinchi prorektori X. Nishonov so‘zga chiqib, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning mustaqil fikrlash qobiliyati va mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilishda ta’lim muassasalarining o‘rni va mas’uliyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, institut rektori maslahatchisi A. Shokirov ham tadbirda ishtirok etib, talabalarga jaholatga qarshi kurashishda bilim, tafakkur, ma’naviyat va ma’rifatning beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi. Mutaxassislar tomonidan yoshlar orasida diniy-ma’rifiy savodxonlikni oshirish, ekstremistik g‘oyalarning oldini olish, internet makonidagi turli axborot xurujlariga nisbatan ogoh va hushyor bo‘lish, shuningdek, tinchlik va barqarorlikni asrashning ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Zero, jaholatga qarshi eng kuchli qurol — ma’rifat, eng ishonchli tayanch esa bilimli, mustaqil fikrlaydigan va yuksak ma’naviyatli yosh avloddir.