“NAFS ISKANJASI” — QALBLARNI LARZAGA SOLGAN HAYOT SABOQLARI
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti rektori Rivojiddin Karimov tashabbusi bilan Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida institut talabalari, professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari uchun “Nafs iskanjasi” spektakli namoyish etildi. Insonni o‘ylashga, hayotga teranroq nazar tashlashga undagan sahna asari tomoshabinlarga chuqur taassurot qoldirdi. Spektaklda giyohvand moddalarga ruju qo‘yish, ota-ona mehrini qadrlamaslik, oilaviy mas’uliyatni unutish hamda insonning o‘z nafsiga qul bo‘lib qolishi kabi dolzarb muammolar badiiy talqinda yoritildi. Asar voqealari orqali zararli odatlarning inson taqdiri, oila tinchligi va yaqinlar hayotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri, noto‘g‘ri tanlovlar ortidan kelib chiqadigan og‘ir oqibatlar ta’sirchan tarzda namoyon etildi. Ayniqsa, ota-onaning farzand kamoli yo‘lidagi fidoyiligi, ularning mehr-muhabbati va ishonchini qadrlash, har bir inson o‘z xatti-harakatlari uchun mas’ul ekanini anglash zarurligi spektaklning asosiy g‘oyalaridan biri bo‘ldi. Mazkur spektakl Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning ayanchli oqibatlari haqida tushuncha berish hamda ularni zararli illatlardan asrashga qaratilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi. Sahna asari tomoshabinlarni hayotiy qadriyatlar, oilaga sadoqat, ota-ona oldidagi farzandlik burchi va kelajak uchun mas’uliyat haqida chuqur mushohada yuritishga chorladi. Zero, insonning eng katta boyligi — uning sog‘lig‘i, oilasi, yaqinlarining mehri va ishonchidir. Bu ne’matlarni asrab-avaylash, hayotda to‘g‘ri tanlov qilish, nafs va zararli odatlar domiga tushmaslik har birimiz uchun muhimdir. Giyohvandlikka qarshi kurashish — faqat bir kunlik tadbir emas, balki sog‘lom va farovon kelajak uchun barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir!