INSTITUTDA XODIMLAR ISHTIROKIDA PROFILAKTIK MAJLIS O‘TKAZILDI
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash, odob-axloq qoidalariga rioya etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik majlis tashkil etildi. Unda institutning birinchi prorektori X.Nishonov hamda rektor maslahatchisi A.Shokirov ishtirok etib, xodimlarning kasbiy mas’uliyati, xizmat faoliyatidagi intizom va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga amal qilish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Majlis davomida institutda belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya qilish, xizmat vazifalarini vijdonan bajarish, mehnat intizomini mustahkamlash hamda xodimlarning tashqi ko‘rinishi va kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Ta’kidlanganidek, har bir xodimning muomala madaniyati, kasbiy etikasi va shaxsiy namunasi ta’lim muassasasining umumiy nufuzi hamda jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish, uning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, inson qadr-qimmati va xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Bu borada hushyorlikni oshirish, shubhali takliflar va noqonuniy faoliyatlardan ogoh bo‘lish, odam savdosi bilan bog‘liq xavf-xatarlar yuzasidan tushuntirish ishlarini izchil olib borish zarurligi qayd etildi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda shifokor tavsiyasisiz iste’mol qilinadigan dori vositalarining inson salomatligi, ruhiy holati va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida ham batafsil so‘z yuritildi. Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va boshqa zararli odatlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, bunday illatlarning oldini olishda ogohlik va mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Majlis yakunida institutda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, ichki tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, xodimlarning huquqiy madaniyati va shaxsiy mas’uliyatini oshirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi. Zero, intizom, yuksak odob-axloq, huquqiy ong va sog‘lom turmush tarzi — ta’lim muassasasida samarali faoliyat yuritish hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatni munosib ado etishning muhim mezonlaridir.