“RAQAMLI MAKONDA RADIKALLASHUV” MAVZUSIDA ILMIY-MA’RIFIY MA’RUZA O‘TKAZILDI
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talabalarning axborot savodxonligini oshirish, raqamli makonda uchraydigan tahdidlar haqida tushuncha berish hamda radikal g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash maqsadida “Raqamli makonda radikallashuv” mavzusida ilmiy-ma’rifiy ma’ruza tashkil etildi. Tadbirda institut Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi dotsenti Muzaffar Xo‘jamov hamda Namangan davlat universiteti Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Muhriddin Sodirjonov ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘zlarining ilmiy va tahliliy fikrlarini bildirdilar. Ma’ruza davomida radikal qarashlar, mutaassiblik va zo‘ravon ekstremizmning jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, radikal g‘oyalarning internet orqali tarqalish mexanizmlari, inson ongini manipulyatsiya qilish usullari hamda zararli axborot ta’siriga ko‘r-ko‘rona ergashishning oqibatlari atroflicha yoritildi. Shuningdek, raqamli platformalarning mas’uliyati, so‘z erkinligi va axborot xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanat, ma’lumotlarni tekshirmasdan tarqatishning salbiy oqibatlari haqida fikr almashildi. Sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ChatGPT kabi vositalar orqali diniy savollarga javob izlashda ishonchli manbalarga murojaat qilish, olingan ma’lumotlarni tanqidiy baholash va sun’iy intellekt javoblarini mutlaq haqiqat sifatida qabul qilmaslik muhimligi ta’kidlandi. Mazkur ilmiy-ma’rifiy ma’ruza talabalarda tanqidiy fikrlash, axborot manbalarini tahlil qilish, raqamli makondagi tahdidlarni anglash va turli zararli g‘oyalarga nisbatan ongli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Axborotga ongli yondashuv — ma’naviy xavfsizlik va barqaror jamiyatning muhim omilidir!