#Til_va_tarjima_fakulteti
KIBERXAVFSIZLIK — RAQAMLI DUNYODA MUHIM HIMOYA!
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarning kiberxavfsizlik borasidagi bilimlarini oshirish, internet firibgarliklarining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Namangan viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari M.Mahmudjonov, leytenantlar J.Ne’matjonov va B.G‘oyiberdiyev ishtirok etib, kibermakonda uchraydigan tahdidlar va ulardan himoyalanish choralari haqida tushuntirishlar berdilar. Uchrashuv davomida internet firibgarligi, soxta havolalar, shubhali xabarlar, bank kartalari ma’lumotlarini noqonuniy qo‘lga kiritish holatlari hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, APK qo‘riqchisi ilovasini o‘rnatish va undan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar ishtirokchilarga noma’lum havolalarga kirmaslik, SMS-kodlar va bank ma’lumotlarini begonalarga bermaslik, shubhali takliflarga ishonmaslik hamda internetdan foydalanishda doimo hushyor bo‘lish zarurligini ta’kidladilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, internet muhitida xavfsiz harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish va kiberjinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
UNUTMANG: BIR LAHZA EHTIYOTSIZLIK — KATTA MUAMMOGA SABAB BO‘LISHI MUMKIN. KIBERXAVFSIZLIKKA BEFARQ BO‘LMANG!