XALQARO FORUMDA ISHTIROK: MADANIY MEROS, BARQAROR TURIZM VA ILMIY HAMKORLIK

Yangilik ilmiy

XALQARO FORUMDA ISHTIROK: MADANIY MEROS, BARQAROR TURIZM VA ILMIY HAMKORLIK

 Is'hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Sardorbek Mirzaxalov Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro forumda ishtirok etmoqda. 2026-yil 13–18-oktabr kunlari Tojikiston xalqaro turizm va tadbirkorlik universiteti tashabbusi bilan qadimiy Mehrgon bayrami doirasida "Barqaror turizm va madaniy meros" mavzusida xalqaro forum tashkil etilmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda turizm sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Forum turli mamlakatlar vakillarini yagona ilmiy-ma’rifiy maydonda birlashtirib, o‘zaro tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. Forumning asosiy maqsadi tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, barqaror turizmni rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Anjuman doirasida tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, tarixiy-etnografik turizmni rivojlantirish, milliy urf-odat va an’analarni xalqaro miqyosda ommalashtirish, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish hamda turizm sohasiga zamonaviy innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda. Forum doirasida xalqaro ilmiy va ta’lim hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish, xalqaro ilmiy bazalarda indekslanadigan, jumladan, Scopus bazasiga kiritilgan jurnallarda hammualliflikda ilmiy maqolalar chop etish, shuningdek, ta’lim dasturlari, o‘qitish metodikalari va ilmiy-uslubiy ishlanmalar bo‘yicha tajriba almashish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida akademik aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy anjumanlar va seminarlar tashkil etish, istiqbolda hamkorlikdagi tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu kelishuvlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Sardorbek Mirzaxalovning mazkur xalqaro forumdagi ishtiroki tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish hamda zamonaviy ta’lim va ilmiy tadqiqot tajribalarini o‘zlashtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, ushbu xalqaro forum yangi ilmiy aloqalarni shakllantirish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy nashrlarda hammualliflikda maqolalar chop etish va ta’lim sohasidagi tajribalarni o‘zaro almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Erishilgan kelishuvlar kelgusida xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.