INSON QADRI — QONUN HIMOYASIDA
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 91-son "O’zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talabalarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda. Shu doirada Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi dotsenti N.Abduxolikova va o’qituvchi A.Sodiqov tomonidan ENG-GU-25 guruhi talabalari uchun “O’zbekistonda inson, ayollar va bola huquqlarining ta’minlanishi” mavzusida ochiq dars tashkil etildi. Mashg’ulot "Inson huquqlari", "Ayollar huquqlari" va "Bola huquqlari" kurslari doirasida o’tkazildi. Darsning birinchi qismida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlovchi tizim tahlil qilindi. 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada inson, uning hayoti, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat deb belgilangani ta’kidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari bo’yicha va Bola huquqlari bo’yicha vakillar (ombudsmanlar) hamda Inson huquqlari bo’yicha Milliy markazning faoliyati, oliy ta’lim muassasalarida huquqiy ta’limning joriy etilishi haqida ma’lumot berildi. Xotin-qizlar huquqlari masalasi raqamlar orqali yoritildi. Teng huquq va imkoniyatlarga oid normalar 110 dan ortiq huquqiy hujjatda mustahkamlangan. Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi ayollardan iborat. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining 54 foizini qizlar tashkil etadi. O’zbekiston "Ayollar, biznes va qonun" xalqaro reytingida 190 mamlakat orasida 48-o’rinni egallagan. Shu bilan birga, hali yechimini kutayotgan muammolar ham muhokama qilindi: oilaviy tazyiq va zo’ravonlik holatlari, ayollarning norasmiy sektorda bandligi va zararli ijtimoiy stereotiplar. Ularga qarshi 2026-yilda joriy etilayotgan yangi choralar — himoya orderi olgan ayollar uchun "SOS" xabar tizimi, zo’ravonlikka oid ishlarni maxsus tayyorlangan tergovchi va sudyalar ko’rib chiqishi hamda nikohdan oldingi bepul kurslarning kengaytirilishi haqida so’z yuritildi. Bola huquqlariga bag’ishlangan qismda Bola huquqlari bo’yicha vakilning 2026-yil birinchi yarmidagi faoliyati tahlil qilindi: 1 147 ta murojaat ko’rib chiqilgan, 56 ta monitoring tashrifi o’tkazilgan va 1 289 nafar bola bilan suhbat tashkil etilgan. Erta nikohga undaganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani ham talabalar e’tiboriga havola etildi. Dars interfaol usulda tashkil etildi. Talabalar kichik guruhlarga bo’linib, har bir guruhga inson huquqlari doirasidagi hayotiy vaziyatlarni aks ettiruvchi keyslar taqdim etildi. Guruhlar berilgan vaziyatni tahlil qilib, unda qaysi huquqlar buzilganini aniqladilar, amaldagi qonunchilik asosida yechim yo’llarini ishlab chiqdilar va huquqni himoya qilish uchun qaysi tashkilotlarga murojaat qilish mumkinligini asoslab berdilar. Har bir guruh o’z yechimini taqdimot qilgach, boshqa guruhlar bilan birgalikda muhokama o’tkazildi. Bu usul talabalarda nazariy bilimlarni amaliyotda qo’llash, tanqidiy fikrlash va jamoada ishlash ko’nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Dars yakunida huquqiy savodxonlikni oshirish, zo’ravonlikka befarq bo’lmaslik va huquqlarni himoya qilishning qonuniy yo’llarini bilish har bir fuqaroning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi. Faol ishtirok etgan guruhlar rag’batlantirildi.