Namangan viloyati futbol akademiyasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Respublika hududiy futbol akademiyalari direktorlari hamda bir qator soha vakillari ishtirokida “Futbol akademiyalari va klublarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish” mavzusidagi Respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi Musaxon Appakov, 🇺🇿 Mudofaa vazirligi faxriysi Ahmadjon Abduraximov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari, , “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, shoir Ziyovuddin Mansur qatnashdilar. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, Namangan davlat chet tillari instituti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muzaffar Xo‘jamov ham ishtirok etib, o'z fikr va mulohazalari orqali futbol bu faqat o’yin emas, u jamiyatni birlashtiruvchi katta kuch ekanligi hamda futbol falsafasi va fenomen sport turi ekanligi bo'yicha so'z yuritib, bir qator dalillar bilan fikr almashdi. Anjumanda respublika futbol akademiyalarida yaqin kelajakda " Futbol falsafasi" yoki "Futbol fenomeni" darsini kiritish taklifi berilib, yakunda uni ommalashtirishga kelishib olindi.
Uchrashuv davomida akademiyada tahsil olayotgan yosh futbolchilar bilan samimiy va mazmunli muloqot tashkil etilib, sport, ma’naviyat, falsafa va milliy g‘ururning o‘zaro uyg‘unligi haqida atroflicha fikr yuritildi.
Ta’kidlanganidek, futbol — shunchaki jismoniy mahorat, tezlik va texnika bellashuvi emas. Haqiqiy sportchi maydonga nafaqat oyoq kuchi, balki qalbidagi Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, or-nomus, mas’uliyat va yuksak maqsadlar bilan chiqadi. Har bir mashg‘ulot va har bir uchrashuv yosh futbolchidan intizom, matonat, sabr-toqat, jamoaviylik va o‘z ustida tinimsiz ishlashni talab etadi.
Yosh sportchilarga katta marralarni zabt etish uchun avvalo kuchli iroda, mustahkam dunyoqarash va sog‘lom ma’naviy muhit zarurligi uqtirildi. G‘alaba faqat hisobdagi raqam emas, balki unga olib boradigan mashaqqatli mehnat, fidoyilik va o‘ziga bo‘lgan ishonch natijasi ekani ta’kidlandi. Tadbir yakunida akademiyada tahsil olayotgan eng umidli va iqtidorli yosh futbolchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, sport va ma’naviyat uyg‘unligini ta’minlash hamda kelajakda yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan iqtidorli futbolchilarni voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Is'hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti axborot xizmati