O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy muhokamalar: Institut vakillari yetakchi xalqaro platformada
Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash (PRESETT) tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida 2026-yil 6–7-yanvar kunlari Milliy forum tashkil etildi.
Mazkur forumda respublika bo‘ylab 50 dan ziyod davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan kelgan vakillar ishtirok etib, bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini yangilashdagi ustuvor yo‘nalishlar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish mexanizmlari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib bordilar.
Ushbu nufuzli anjumanda Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti nomidan Ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri A.Amanov, N.Jakbarova hamda M.Yuldasheva ishtirok etib, PRESETT loyihasi doirasidagi muhim muhokama va amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashdilar.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim hamda PRESETT amaliyotlar hamjamiyati faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. Shuningdek, modul (fan) dasturlarini baholash amaliyotlariga moslashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan metodik materiallar va vositalar jamlanmasi taqdim etildi.
Mazkur materiallar ishtirokchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining ushbu xalqaro miqyosdagi muhim tashabbus va islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki institutda pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Namangan davlat