Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida yangi yil arafasida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan ilmiy va tashkiliy natijalar hamda institut rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Abdulahad G‘affarov hamda institut rektori Rivojiddin Karimov ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori Rivojiddin Karimov ochib berib, jamoani yangi yil bilan qutladi hamda o‘z nutqida institutda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, boshqaruv samaradorligini oshirish, ilmiy muhitni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilgan izchil ishlar natijalari haqida batafsil to‘xtaldi. Xususan, 2025-yil yakuniga kelib institutning ilmiy salohiyati 50 foizga yetkazilgani muassasada tanlangan rivojlanish strategiyasining amaliy natijasi ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida institutda ilmiy faoliyatni tashkil etish, ilmiy kadrlar tayyorlash va dissertatsion tadqiqotlar bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar holati yuzasidan, jumladan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Murodilla Yakubbayev rahbarligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli axborotlar yetkazildi, ushbu sohadagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Abdulahad G‘affarov institutning bugungi kundagi mavqeyi, ta’lim va ilm-fan sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, erishilayotgan aniq natijalar hamda muassasada shakllangan samarali boshqaruv tizimini yuqori baholab, jamoaning mas’uliyatli va maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatini alohida e’tirof etdi.
Tadbir yakunida ilmiy darajaga sazovor bo‘lgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga PhD va DSc ilmiy darajalari bo‘yicha diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ushbu marosim institutda ilmiy kadrlar tayyorlash masalasi strategik ustuvor vazifa sifatida izchil va tizimli olib borilayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Mazkur tadbir institut hayotida yil yakunlarini sarhisob qilish, erishilgan natijalarga xolis baho berish hamda kelgusi bosqichdagi vazifalarni aniq belgilab olishga xizmat qilgan muhim institutsional ahamiyatga ega voqea sifatida qayd etildi.