Yakunlanib borayotgan 2025 yil Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti hayotida mazmunli yutuqlar, mas’uliyatli mehnat va barqaror rivojlanish bilan yodda qoladigan yil bo‘ldi. Ushbu davrda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, ta’lim sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan davlat siyosati institutimiz faoliyatida ham o‘zining amaliy ifodasini topdi.
2025 yil davomida institutda ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va tashkiliy boshqaruv izchil ravishda takomillashtirildi. Jami 3569 nafar talaba, 97 nafar professor-o‘qituvchi ishtirokida ta’lim jarayoni samarali tashkil etildi. Ilmiy salohiyat 43 foizga yetkazilib, 5 nafar fan doktori va 16 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ta’lim mazmunini boyitish maqsadida 17 ta darslik, 16 ta o‘quv qo‘llanma tayyorlandi, 86 ta o‘quv auditoriyasi zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlandi. Ilmiy faoliyat doirasida 323 ta ilmiy maqola va tezislar chop etildi.
Talabalar bilan ishlash masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘ldi. “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri”, “Ma’rifat maydoni”, “Intellektual haftalik”, “Besh tashabbus olimpiadasi” kabi loyihalar yoshlarning bilimini, fuqarolik mas’uliyatini va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qildi.
Bitiruvchilarni ishga joylashtirish yo‘nalishida ham aniq natijalarga erishildi. 2024–2025 o‘quv yilida 60 nafar magistratura bitiruvchisi to‘liq ish bilan ta’minlandi. Bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha esa 2025–2026 o‘quv yilida ilk bitiruvchilarni tayyorlash jarayoni izchil davom etmoqda. Bu holat ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga mosligini yaqqol tasdiqlaydi.
Xalqaro hamkorlik aloqalari ham kengaydi. Udmurt davlat universiteti bilan “3+2” qo‘shma ta’lim dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. AQSh, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirildi. Xitoy tomoni tashabbusi bilan Konfutsiy markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borildi.
2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ta’lim muassasalari zimmasiga yana-da katta mas’uliyat yuklaydi. Ushbu yil doirasida institut mahalla–ta’lim–jamiyat hamkorligini mustahkamlash, yoshlarni ijtimoiy faollikka jalb etish, ularning bilim va tarbiyasini uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiradi.
Hurmatli jamoa a’zolari!
2025 yilda erishilgan yutuqlar — barchamizning jips mehnatimiz samarasi. Yangi 2026 yil bizdan yanada mas’uliyat, tashabbus va fidoyilikni talab etadi. Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, ilmiy va ijodiy zafarlar tilayman.
Yangi yil barchamiz uchun baraka, taraqqiyot va ezgu maqsadlar sari ishonchli qadamlar yili bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Karimov Rivojiddin G'ulomjonovich,
Is’hoqxon Ibrat nomidagi
Namangan davlat chet tillari instituti rektori