Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Filologiya fakultetida professor-o‘qituvchilar uchun “O‘quv dasturlarini TOP-300 talik oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida takomillashtirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar institutda 2026/2027-o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fan dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash va moslashtirish jarayonlari doirasida o‘tkazildi. Tadbirda O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i U.Soliyev ishtirok etib, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim modellari, reyting talablari va ularni milliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish masalalari yuzasidan atroflicha ma’ruza qildi.
Seminar davomida fan dasturlarini ishlab chiqishda o‘quv natijalariga yo‘naltirilgan ta’lim (Learning Outcomes-based Education), kompetensiyaviy yondashuv, fanlararo integratsiya, shuningdek, kredit-modul tizimi asosida baholash mezonlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yetakchi xorijiy universitetlar tajribasida qo‘llanilayotgan sillabus va ishchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish mexanizmlari, ularning sifat ko‘rsatkichlari va amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Seminar interaktiv ruhda o‘tib, unda professor-o‘qituvchilar o‘quv rejalari va fan dasturlarini yangilash jarayonida duch kelinayotgan muammolar, ularning yechimlari hamda milliy ta’lim standartlari bilan xalqaro talablar uyg‘unligini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Mazkur o‘quv-seminar professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada oshirish, ta’lim mazmunini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish hamda institut ta’lim dasturlarining xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.