Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida navbatdagi ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda rektor maslahatchisi A.Shokirov, Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplayens-nazorat" tizimini boshqarish bo'limi boshlig'i A.Ikramov, fakultet dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar, psixolog hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Yig‘ilishga institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori X.Nishonov raislik qildi.
Yig‘ilish davomida Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Unda yoshlar bilan ishlashni yanada kuchaytirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini mustahkamlash, ijtimoiy faolligini oshirish hamda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Murojaatnomada belgilangan vazifalarning oliy ta’lim muassasalarida izchil ijrosini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashda mas’uliyat va tizimlilikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlandi. Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B.Samihanov Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, undagi g‘oyalar yoshlar tarbiyasi va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Yig‘ilishning keyingi qismida talabalarni qishki ta’tilga chiqarish masalasi muhokama qilindi. Talabalarning o‘z yashash manzillariga xavfsiz va tartibli tarzda yetib borishini ta’minlash, yo‘l davomida hamda ta’til davrida ularning holatidan xabardor bo‘lib borish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Mas’ul xodimlarga talabalar bilan doimiy aloqa o‘rnatish, zarur hollarda tezkor choralar ko‘rish hamda ta’til yakunida ularning o‘qishga qaytishini nazorat qilish topshirildi.