Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Til va tarjima fakultetida “Milliy an’analar va hayo, odob, oilaviy tarbiya” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlar ongida milliy qadriyatlar, axloqiy me’yorlar hamda oilaviy tarbiyaning jamiyat hayotidagi muhim o‘rnini chuqur anglashga xizmat qildi. Davra suhbati davomida bugungi globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni asrab-avaylash, qadriyatlarimizga sodiqlik va ma’naviy barqarorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi N.Atabayeva hamda tyutor D.O‘rinova ishtirok etib, milliy an’analar, hayo va odob tushunchalarining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, oilada shakllanadigan tarbiya mezonlarining shaxs kamolotiga ta’siri haqida atroflicha fikr bildirdilar. Shuningdek, oiladagi sog‘lom muhit, ota-ona mas’uliyati va milliy qadriyatlar davomiyligi yosh avlod tarbiyasining poydevori ekani ta’kidlandi.
Davra suhbati davomida talabalar ham faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, savol va takliflarini bildirdilar. Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan tadbir yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitishga, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.