ILMIY-NAZARIY VA AMALIY AHAMIYATGA EGA MONOGRAFIYA NASHR ETILDI

Yangilik ilmiy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti dotsenti, pedagogika fanlari doktori (DSc) Sohibjon Misirovning “Ingliz tili mashg‘ulotlarida talabalarning kasbiy kompetensiyasini takomillashtirish metodikasi” nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.

Mazkur monografiya oliy ta’lim tizimida ingliz tilini kasbiy yo‘naltirilgan holda o‘qitishning zamonaviy ilmiy-metodik asoslarini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, nofilologik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalarning ingliz tilida kasbiy kompetensiyasini shakllantirish va rivojlantirish masalalarini kompleks tarzda tadqiq etadi. Asarda ingliz tili ta’limini kasbiy yo‘naltirish tamoyillarining metodik tavsifi berilib, kasbiy va sohaviy yo‘nalishlar doirasida ingliz tili o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy asoslangan.

Monografiyada ingliz tilida kasbiy va sohaviy matnlarni o‘qitishga qo‘yiladigan zamonaviy talablar, autentik matnlarning ta’lim jarayonidagi didaktik imkoniyatlari hamda ularning talabalarda kasbiy kompetensiyani rivojlantirishdagi o‘rni va ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari kompetensiyaviy yondashuv asosida ingliz tili mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish, o‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ushbu monografiya 6011180 – “Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)”, 60230100 – “Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda 70111801 – “Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)”, 70230101 – “Lingvistika (ingliz tili)”, 70230502 – “Adabiyotshunoslik (ingliz adabiyoti)” magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun qo‘shimcha adabiyot sifatida tavsiya etiladi.

Shuningdek, monografiya filologik yo‘nalishdagi bakalavriat va magistratura talabalari, professor-o‘qituvchilar, mustaqil izlanuvchilar, tayanch doktorantlar hamda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.