“KELAJAK SOATI”: Men – o‘zbekistonlikman — milliy o‘zlik va fuqarolik mas’uliyati darsda uyg‘unlashdi

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida joriy hafta “Kelajak soati” loyihasi doirasida 17-mavzu — “Men – o‘zbekistonlikman” mavzusida mazmunan boy, g‘oyaviy jihatdan chuqur va tarbiyaviy ahamiyati yuksak mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mashg‘ulot Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri S.Mirzaholov tomonidan olib borildi. Dars davomida milliy identiklik, Vatanga sadoqat, fuqarolik burchi va ijtimoiy mas’uliyat masalalari talabalarning shaxsiy hayoti, kasbiy shakllanishi hamda jamiyatdagi o‘rni bilan uzviy bog‘langan holda tahlil qilindi.

Mashg‘ulot jarayonida davlat ramzlari, tarixiy-madaniy meros, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichlari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hayotiy misollar va mantiqiy mushohadalar orqali yoritildi. Interaktiv savol-javoblar va muhokamalar talabalarning faol fikrlashi, mustaqil xulosa chiqarishi va fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishiga xizmat qildi.

Dars yakunida talabalar “Men – o‘zbekistonlikman” g‘oyasini shaxsiy hayotiy tamoyil sifatida anglash, bilim va salohiyatni Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etish har bir yoshning muhim mas’uliyati ekani borasida yakdil fikr bildirdilar.

“Kelajak soati” mashg‘ulotlari yoshlar ongida milliy g‘urur, sadoqat va faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim tarbiyaviy platforma sifatida izchil davom etmoqda.