Volontyorlik — tashabbus, tajriba va ishonch makoni

Yangilik madaniy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Til va tarjima fakultetida matbuot va axborot xizmati faoliyatida muntazam va mas’uliyat bilan ishtirok etib kelayotgan volontyor talabalar taqdirlandi.

Volontyorlarning institut hayotidagi tadbirlarni yoritish, axborot jarayonlarida tezkorlik va aniqlikni ta’minlash, jamoa bilan ishlashdagi faolligi institut rahbariyati tomonidan e’tirof etildi. Institut rektori Rivojiddin Karimov tomonidan ularga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Volontyorlik faoliyati bugun talaba uchun shunchaki ijtimoiy ishtirok emas, balki mas’uliyatni his qilish, real ish jarayonida tajriba orttirish, axborot bilan ishlash madaniyatini shakllantirish va kelajak kasbiy yo‘lini aniqlashtirish imkonidir. Aynan shu faoliyat orqali talabalar institut hayotining bevosita ishtirokchisiga, jamoaning ishonchli a’zosiga aylanmoqda.

Mazkur e’tirof talaba-yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda faol, mas’uliyatli va tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan amaliy yondashuv sifatida namoyon bo‘ldi.