Rektor va bitiruvchi talaba-yoshlar uchrashuvi: kasbiy tanlov va mehnat bozori talablari

Yangilik madaniy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Til va tarjima fakultetida institut rektori Rivojiddin Karimov ishtirokida bitiruvchi talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda institut prorektorlari, mas’ul bo‘lim vakillari, fakultet dekani, professor-o‘qituvchilar hamda fakultetning bitiruvchi talabalari qatnashdi. Shuningdek, tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i sho‘ba rahbari ishtirok etib, yoshlarning bandligi va kasbiy moslashuvi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr bildirdi.

Muloqot jarayonida til va tarjima yo‘nalishi bitiruvchilarining kasbiy salohiyati, xorijiy tillarni amaliy darajada egallash darajasi, tarjimonlik va ta’lim sohalarida faoliyat boshlash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar muhokama qilindi. Bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi doirasida doimiy rivojlanishi, amaliy tajriba va sertifikatlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Rektor Rivojiddin Karimov o‘z nutqida bitiruvchi yoshlar oldidagi mas’uliyat masalasiga to‘xtalib, shunday dedi:
“Bugungi bitiruvchi ertangi mehnat bozoriga tayyor mutaxassis bo‘lishi kerak. Bilim, amaliy ko‘nikma va chet tillarini puxta bilish sizning asosiy ustunligingizdir.”
Shuningdek, uchrashuvda viloyatda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Karyera markazi faoliyati haqida ma’lumot berilib, ushbu markaz orqali boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda chet tillari bo‘yicha ham tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yilishi, malakali til mutaxassislarini ish bilan ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv davomida talabalar tomonidan bildirilgan savollar yuzasidan ochiq suhbat olib borildi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tdi.