Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti hamda National Institute of Technology (KOSEN) o‘rtasidagi ta’limiy va akademik hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib, yangi amaliy bosqichga ko‘tarilmoqda.
Baqoyev Navro‘zjon tashabbusi bilan 2025-yil 24-yanvar kuni yaponiyalik talabalarning Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida stajirovka o‘tash masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi onlayn uchrashuv tashkil etildi. Mazkur muloqot ikki tomonlama akademik almashinuvni kengaytirish, talabalar uchun amaliy tajriba dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda institutlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor P.Lutfullayev, O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i U.Soliyev, Registrator ofisi direktori Z.Isoqov, O‘zbek va sharq tillari kafedrasi mudiri U.Abdurasulova hamda yapon tili o‘qituvchisi N.Baqoyev ishtirok etdi.
Yaponiya tomondan esa KOSEN xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shinichiro Ouchi, o‘qituvchi Takeuchi Oki, Maizuru hokimiyati xalqaro aloqalar bo‘yicha koordinatori A. Ahmedov, Maizuru hokimiyati vakillari hamda KOSEN talabasi Nakamura qatnashdi.
Onlayn uchrashuv davomida talabalar stajirovkasi, akademik mobillik, o‘quv-amaliy tajriba almashuvi, ta’lim jarayoniga xalqaro tajribani tatbiq etish hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Muzokaralar yakunida hamkorlikni tizimli asosda davom ettirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, KOSEN rahbariyatini Namangan davlat chet tillari institutiga rasmiy tashrif bilan taklif etish tashabbusi ilgari surilib, mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston–Yaponiya ta’limiy hamkorligi doirasida muhim ahamiyat kasb etib, talabalar uchun xalqaro tajriba, amaliy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi imkoniyatlarni ochib berishi bilan e’tiborlidir.