“Kelajakka qadam” dasturi doirasida talabalar uchun kredit imkoniyatlari tushuntirildi

Yangilik ilmiy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish hamda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ko‘mak berish maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida Filologiya fakulteti bitiruvchi talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori — P.Lutfullayev, shuningdek Talabalar amaliyoti bo‘limi bosh mutaxassisi — A.G‘anijonov ishtirok etib, bitiruvchilarga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan imtiyozli kredit mahsulotlarining mazmun-mohiyati, shartlari va ulardan foydalanish tartibini atroflicha tushuntirib berdilar.

Tadbir davomida “Kelajakka birinchi qadam”, “Kelajak uchun start” hamda “Yorqin kelajak sari” kredit yo‘nalishlari bo‘yicha kredit summalari, foiz stavkalari, imtiyozli davrlar, garov ta’minoti va hujjatlashtirish talablari yuzasidan aniq ma’lumotlar berildi. Shuningdek, biznes-reja tayyorlash, banklar bilan ishlash tartibi hamda “Kelajakka qadam” markazi bilan hamkorlik mexanizmlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Uchrashuv savol-javoblar ruhida o‘tib, bitiruvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan batafsil va asosli javoblarga ega bo‘ldilar. Mazkur tadbir bitiruvchi yoshlarning kelgusidagi kasbiy yo‘lini belgilash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda “Kelajakka qadam” dasturining real imkoniyatlarini amaliy tarzda yetkazishga xizmat qildi.