Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida xalqaro hamkorlik doirasida STEM ta’limi, tadbirkorlik va ta’limda sun’iy intellekt mavzulariga bag‘ishlangan o‘quv seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori — Po‘latxon Lutfullayev ochib berdi. Kirish so‘zida prorektor zamonaviy ta’lim tizimida STEM yo‘nalishlari, tadbirkorlik kompetensiyalari va sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni tobora ortib borayotganini, bunday xalqaro seminarlar esa talabalarni global bilim maydoniga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Seminar-trening Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Konsulligi bilan hamkorlikda tashkil etilib, AQSh Hukumatining English Teaching Assistant (ETA) dasturi hamda USG bitiruvchilari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida talabalar STEM, biznes va AI sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishning amaliy mexanizmlari hamda startap tashabbuslarini rivojlantirish masalalari bilan yaqindan tanishdilar.
Seminar spikerlari:
- Feruza Erqulova — kichik ta’lim markazlari uchun sun’iy intellekt asosidagi biznes modellari
- Emily Tchorz — STEM ta’limi va startaplar ekotizimi
- Nasibaxon Jakbarova — qishloq hududlarida tadbirkor ayollarni rivojlantirish: innovatsiyalar va mikrobiznes modellari
- Kevin Berghuis — sun’iy intellekt: imkoniyatlar va amaliy chegaralar
- Emily Chen — YouTube orqali talabalar faolligini oshirish usullari
- Rohatoy Rasulova — ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan samarali foydalanish
Muhokamalar interaktiv ruhda o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob oldilar hamda texnologiyalarni o‘quv va kelajak kasbiy faoliyatida qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan boyidilar.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchi talabalarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, norasmiy networking sessiyasi va pitssa tanaffusi orqali talabalar va xalqaro ekspertlar o‘rtasida ochiq muloqot muhiti yaratildi.
Ushbu seminar-trening institut talabalari orasida innovatsion fikrlashni rivojlantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda xalqaro tajriba almashish uchun muhim ilmiy-amaliy platforma bo‘lib xizmat qildi.