Akademik mobillik va xalqaro hamkorlik

Yangilik madaniy

Rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti K.F. Kamalova Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan Escuela Oficial de Idiomas Madrid–Jesús Maestro davlat til maktabida xalqaro stajirovkadan o‘tmoqda.

Mazkur stajirovka til ta’limi sohasida akademik mobillikni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur davomida xorijiy mutaxassislar bilan kasbiy tajriba almashinuvi olib borilmoqda, rus tilini chet tili sifatida o‘qitish metodikasining dolzarb masalalari, shuningdek, til ta’limidagi zamonaviy tendensiyalar va yondashuvlar muhokama qilinmoqda.

Ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or akademik hamda ilmiy-uslubiy tajribani almashish uchun barqaror platforma yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Stajirovka dasturi zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘rganish, innovatsion o‘qitish metodikalarini joriy etish, shuningdek, ta’lim oluvchilarning turli darajadagi til tayyorgarligini inobatga olgan holda o‘quv materiallarini ishlab chiqish va moslashtirishni o‘z ichiga oladi.

Olingan bilim va amaliy tajriba ta’lim sifatini oshirishga, o‘quv jarayonini yangilashga hamda ta’lim faoliyatida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.