“Kelajakka qadam” — bitiruvchilar uchun real moliyaviy imkoniyatlar

Yangilik madaniy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida bitiruvchi bosqich talabalari uchun “Kelajakka qadam” dasturi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ–61-son qarori hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 20-martdagi 114-son buyrug‘i ijrosi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda institut Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i N.Umarxonov, bosh mutaxassis A.G‘anijonov, Namangan viloyati Markaziy bank Ijro apparati boshlig‘i Abdumannop Ahmadjonov hamda “O‘zmilliybank” AJ Namangan viloyati boshqaruvchi o‘rinbosari Elyor Hudoyberdiyev ishtirok etdilar.

Tadbir davomida “Kelajakka qadam” dasturining mazmuni, bitiruvchilar uchun yaratilayotgan moliyaviy mexanizmlar va amaliy imkoniyatlar batafsil tushuntirildi. Xususan, dastur doirasida 10 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Mazkur tashabbus yoshlarning o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirishi, bandligini ta’minlash, qulay moliyaviy sharoitlar yaratish hamda mehnat bozoriga malakali kadr sifatida kirib kelishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Uchrashuv yakunida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan aniq va asosli javoblar taqdim etildi.