“Ogʻusiz hayot” — sogʻlom turmush tarzi masʼuliyatini anglash sari muloqot

Yangilik madaniy

Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talaba-yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan “Ogʻusiz hayot” mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbir Til va tarjima fakulteti huzurida oʻtkazilib, unda Gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya kafedrasi katta oʻqituvchilari — tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori M.Xoʻjamov, B.Djalolov shuningdek, tyutor D.Oʻrinova hamda talabalar ishtirok etdi.

Seminar davomida zararli odatlarning inson salomatligi va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri ilmiy asoslar va hayotiy misollar orqali tahlil qilindi. Sogʻlom hayot tarzini shakllantirishda ongli tanlov, intizom va shaxsiy masʼuliyat muhim omil ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, yoshlarni yot gʻoyalardan himoyalash, bo‘sh vaqtni samarali tashkil etish, sport mashgʻulotlari hamda toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini qaror toptirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot jarayoni interaktiv shaklda kechib, talabalar mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar, savol-javoblar orqali muhim tushunchalarni aniqlashtirdilar. Yakunda sogʻlom va ogʻusiz hayot tarzini tanlash har bir insonning ongli pozitsiyasi ekani qayd etilib, bunday maʼrifiy uchrashuvlar yoshlarning ijtimoiy masʼuliyatini kuchaytirishda muhim oʻrin tutishi alohida urgʻulandi.