Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida “Sinergiya” xalqaro ta’lim markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “IT WOMEN” loyihasi doirasida Filologiya fakulteti talabalari uchun maxsus taqdimot tashkil etildi.
Mazkur tadbir institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi N.Atabayeva hamda dekan maslahatchisi N.Xujanazarova hamkorligida o‘tkazilib, unda talaba-qizlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni raqamli kasblar bilan tanishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdimot jarayonida ishtirokchilarga IT yo‘nalishidagi dolzarb kasblar, loyiha doirasida taqdim etilayotgan ta’lim imkoniyatlari, shuningdek, yaqin kelajakda tashkil etilishi rejalashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar va master-klasslar haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir savol-javoblar asosida interaktiv shaklda o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan aniq va asosli javoblar oldilar.
“IT WOMEN” loyihasi talaba-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularni zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirishga qaratilgan tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.