Talabalar tashabbusida madaniyatlar muloqoti: totuvlik va bagʻrikenglik festival shaklida namoyon bo‘ldi

Yangilik ilmiy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Til va tarjima fakulteti Ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘qituvchilari tashabbusi bilan Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi 1-bosqich talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston — millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida madaniyat festivali musobaqa tarzida tashkil etildi.

Festival doirasida talabalar guruhlar kesimida qura tashlash orqali tanlab olingan turli davlatlarning milliy madaniyati, urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini sahna ko‘rinishlari, taqdimotlar hamda ijodiy chiqishlar orqali namoyish etdilar. Tadbir talabalarning xorijiy tillardagi nutqiy kompetensiyalarini, jamoada ishlash ko‘nikmalarini hamda madaniyatlararo muloqot madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.

Festival yakunida barcha ishtirokchi guruhlar bayramona sovg‘alar bilan taqdirlandi. Musobaqa natijalari baholanishida talabalarning faolligi, ijodiy yondashuvi va o‘zaro hurmatga asoslangan jamoaviy muhit ustuvor mezon sifatida e’tirof etildi. Yakuniy xulosaga ko‘ra, mazkur festivalda do‘stlik va hamjihatlik g‘alaba qozondi.

Mazkur tadbir institutda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va ochiq muloqot tamoyillarini yoshlar ongiga izchil singdirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarning uzviy davomidir.