Talabalar uchun adolatli baholash mexanizmi: grant o‘rinlarini qayta taqsimlash tartibi

Yangilik madaniy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talabalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 149-sonli qarori mazmuniga bag‘ishlangan tushuntirish uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur uchrashuv davomida institutning o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari M.Rustamaliyev tomonidan grant o‘rinlarini qayta taqsimlashning huquqiy asoslari, baholash mezonlari va amaliy tartibi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Qarorga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlarini qayta taqsimlash jarayoni shaffof va aniq mezonlar asosida amalga oshiriladi. Xususan, talabalarning akademik ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida belgilanib, o‘qishdagi intizom, dars mashg‘ulotlaridagi muntazam ishtirok, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va ijtimoiy faollik kompleks tarzda baholanadi.

Uchrashuv davomida ushbu mexanizmning joriy etilishi oliy ta’lim sifatini oshirish, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda bilim olishga mas’uliyatli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur tizim iqtidorli, faol va intizomli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani qayd etildi.

Tadbir yakunida talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berilib, grant o‘rinlarini qayta taqsimlash tartibiga oid muhim jihatlar yuzasidan zarur tushuntirishlar taqdim etildi.