Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida “Kitobxon ona — kitobxon bola” ijtimoiy-pedagogik loyihasi doirasida oilaviy mutolaaga mas’uliyat bilan yondashib kelayotgan, farzandlari bilan muntazam kitob o‘qishni hayot tarziga aylantirgan faol onalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir institutda izchil olib borilayotgan “mahalla – oila – ta’lim muassasasi” hamkorlik konsepsiyasi asosida tashkil etilib, oilada kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, bolalarda intellektual tafakkur, til ko‘nikmalari hamda axloqiy fazilatlarni rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etildi. So‘nggi uch yil davomida institut tomonidan oilaviy mutolaani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Taqdirlangan onalar farzandlariga muntazam kitob o‘qib berish, shaxsiy kitobxonlik faolligi, shuningdek loyiha doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi faol ishtiroki bilan ajralib turgani uchun alohida e’tirof etildi.
Mazkur loyiha dotsent A.Mirzanazarova rahbarligida amalga oshirilmoqda bo‘lib, ilmiy asoslangan oilaviy mutolaa yondashuvlarini amaliy tarbiyaviy jarayonga joriy etishga xizmat qilmoqda. Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti ushbu yo‘nalishda hududda ta’lim, oila va mahalla o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan samarali tashabbuslari bilan yetakchi ta’lim muassasalaridan biri sifatida faoliyat olib bormoqda.