Aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilish yo‘lidagi amaliy chora-tadbirlar izchil davom etmoqda

Yangilik madaniy

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tizimli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur farmon ijrosi doirasida institut rektorining maslahatchisi A.Shokirov, profilaktika inspektori, leytenant A. Ortiqov, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i A.Ikramov, institut psixologi L.Abdugafforova, Til va tarjima fakulteti tyutori N.Ergashboyev hamda bir guruh talaba-yoshlar ishtirokida Namangan viloyati Pop tumanidagi 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif tashkil etildi.

Tashrif davomida talaba-yoshlar mazkur muassasada mahkumlarni jamiyatga qayta moslashtirishga qaratilgan reabilitatsiya va psixologik qo‘llab-quvvatlash mashg‘ulotlari, tarbiyaviy ishlar hamda ijtimoiy moslashuv mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu jarayonlar yoshlarning huquqiy ongi va ijtimoiy mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Koloniya tarbiyalanuvchilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot va davra suhbatlari jarayonida giyohvandlikning real oqibatlari, uning inson taqdiri, oila barqarorligi va jamiyat xavfsizligiga yetkazadigan zarari haqida hayotiy misollar asosida fikr almashildi. Ushbu uchrashuv talaba-yoshlarda sog‘lom turmush tarziga sodiqlik, huquqbuzarliklarning oldini olish va ongli hayotiy tanlov masalalarida muhim xulosalar shakllanishiga xizmat qildi.

Mazkur tashabbuslar yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi profilaktik immunitetni kuchaytirish, ularni jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish hamda davlat siyosatining mazmun-mohiyatini amaliy misollar orqali yetkazishga qaratilgan izchil faoliyatning uzviy qismi hisoblanadi.