Erasmus+ loyihalari bo‘yicha taqdimot: magistrantlar uchun xalqaro akademik imkoniyatlar

Yangilik ilmiy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida Erasmus+ xalqaro loyihalari doirasida magistratura bosqichi talabalari uchun maxsus taqdimot tashkil etildi. Tadbirda magistrantlar Yevropa Ittifoqining ta’lim va ilmiy hamkorlikka yo‘naltirilgan dasturlari, ularning mazmuni va amaliy imkoniyatlari bilan tizimli ravishda tanishtirildi.

Taqdimot davomida Erasmus+ dasturining magistrantlar uchun muhim yo‘nalishlari atroflicha yoritildi. Xususan, Erasmus+ KA1 doirasida akademik mobillik imkoniyatlari, Erasmus+ KA2 orqali hamkorlik va qo‘shma ilmiy loyihalarda ishtirok etish mexanizmlari, Capacity Building in Higher Education (CBHE) dasturi orqali oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro loyihalar, shuningdek grant arizalari tayyorlash, loyiha yozish va xalqaro konsorsiumlar tarkibida ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tadbir Erasmus+ loyiha koordinatorlari — Surayyo Kuchkarova va Feruza Erkulova tomonidan olib borildi. Ular magistrantlarga Erasmus+ dasturlarida ishtirok etish tartibi, tanlov mezonlari hamda real amaliy tajribalar asosida muhim tavsiyalar taqdim etdilar.

Taqdimot magistrantlarning xalqaro akademik mobillikka bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ilmiy va metodik kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek institutda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qildi.

Erasmus+ — bu magistrantlar uchun bilim, tajriba va xalqaro akademik maydonga chiqish yo‘lidagi barqaror imkoniyat.