Ilmiy izlanishdan nashrgacha: talabalar uchun maqola va tezis yozish bo‘yicha ilmiy suhbat

Yangilik ilmiy

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining Til va tarjima fakultetida talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini sifat jihatidan rivojlantirish, ularni ilmiy maqola va tezislar tayyorlash hamda nufuzli ilmiy nashrlarda chop etishga yo‘naltirish masalalariga bag‘ishlangan “Talabalarga tezis va maqolalar yozish hamda chop etish” ilmiy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi pedagogika fanlari bo‘yicha doktor, dotsent F.Erqulova, fakultet tyutori M.Xodjiboyeva hamda ilmiy faoliyatga qiziqish bildirayotgan iqtidorli va faol talabalar ishtirok etdi. Suhbat davomida ilmiy ishlarning asosiy turlari, xususan, tezis va maqolalarning mazmuniy va strukturaviy xususiyatlari, ularni tayyorlashda amal qilinadigan ilmiy-uslubiy talablar, mavzu tanlash mezonlari, ilmiy yangilik va dolzarblikni asoslash masalalari atroflicha tahlil qilindi.

Feruza Erqulova tomonidan ilmiy matn yozishda nazariy asos, tahliliy yondashuv, mantiqiy izchillik hamda manbalar bilan ishlash madaniyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy maqolalarni rasmiylashtirish tartibi, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini tuzish qoidalari, plagiatga yo‘l qo‘ymaslik masalalari, respublika va xalqaro ilmiy jurnallar hamda konferensiyalarda ilmiy ishlarni chop etish mexanizmlari bo‘yicha aniq va amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbir jarayonida talabalar ilmiy izlanishlarda uchraydigan muammolar, jumladan, mavzu aniqlash, ilmiy yangilikni asoslash, tahliliy fikrni shakllantirish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil va asosli javoblar talabalar uchun muhim metodik yo‘riqnoma vazifasini o‘tadi.

Mazkur ilmiy-ma’rifiy suhbat talabalarning ilmiy tafakkurini kengaytirish, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularni kelgusida ilmiy izlanishlar va ilmiy nashrlarda faol ishtirok etishga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.