Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti hamda Omsk davlat pedagogika universiteti (O‘mGDU) vakillari o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur muloqotda institutimizdan ilmiy kotib A.Sulaymonov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i N.Rahimova, Rus tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari A.Mirzanazarova va R.Kazakova ishtirok etishdi. O‘mGDU tomonidan esa filologiya fanlari doktori Nina Aleksandrovna Iseva hamda xalqaro departament boshlig‘i Evgeniya Valeryevna Volkova qatnashdi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari batafsil muhokama qilindi. Xususan:
• talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik mobillikni kengaytirish;
• mutaxassislar almashinuvi va stajirovkalar tashkil etish;
• qo‘shma seminar, konferensiya va ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish;
• ilmiy nashrlarda hamkorlikni rivojlantirish;
• qo‘shma ta’lim dasturlari konsepsiyasini ishlab chiqish masalalari kelishib olindi.
Uchrashuv natijalari tomonlar o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi.