2025-yil 2-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Sotim Ulugʻzoda nomidagi Tojikiston xalqaro xorijiy tillar universitetida “The Essence of Artificial Intelligence and Digital Technologies in Foreign Language Learning: Challenges and Prospects” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Turizm va tarjima kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Botirova Palina Xakimjonovna institut rasmiy delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
Konferensiya xorijiy tillarni o‘qitishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanishning zamonaviy metodologiyasi, ta’lim jarayonining sifatini oshirishdagi innovatsion yondashuvlar, shuningdek, global raqamli transformatsiya sharoitida ta’limning istiqbollari masalalariga bag‘ishlandi. Tadbirda MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining yetakchi ilmiy markazlari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va yosh olimlar ishtirok etdi.
Botirova Palina Xakimjonovna o‘z ilmiy ma’ruzasida xorijiy til ta’limida sun’iy intellekt texnologiyalarining didaktik imkoniyatlari, adaptiv o‘qitish algoritmlarining samaradorligi, multimodal platformalar orqali kommunikativ va metakognitiv kompetensiyalarni rivojlantirishga oid ilg‘or ilmiy-amaliy yondashuvlarni taqdim etdi. Shuningdek, AI asosidagi interaktiv resurslar, raqamli baholash tizimlari va ularning o‘quv jarayonidagi natijadorligi yuzasidan dolzarb mulohazalar bildirildi.
Ma’ruza tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Muhokamalar davomida sun’iy intellektning ta’limdagi o‘rni, xavfsizlik masalalari, akademik halollikka ta’siri va mazkur jarayonlarning kelgusi rivojlanish ssenariylari yuzasidan konstruktiv ilmiy fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ishtirok Turizm va tarjima kafedrasi hamda institutning ilmiy faoliyatida raqamli texnologiyalarni joriy etish, yangi metodikalar ishlab chiqish, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.