Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida xorijlik talabalar bilan ishlash, ularning psixologik farovonligini ta’minlash hamda muvaffaqiyatli moslashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda institut psixologi L. Abdug’apporova va Xalqaro bo‘lim boshlig‘i N. Rahimova tomonidan chet ellik talabalar o‘rtasida keng qamrovli ijtimoiy-psixologik so‘rovnoma o‘tkazildi.
Ushbu so‘rovnoma institutda tahsil olayotgan xorijlik talabalar, shuningdek, xalqaro talabalar almashinuvi dasturlari doirasida o‘qishga kelgan yoshlarning:
ijtimoiy-psixologik holati,
madaniy va ta’limiy muhitga moslashuv darajasi,
muloqotdagi ehtiyojlari,
psixologik qo‘llab-quvvatlashga oid fikr va takliflarini o‘rganishga qaratildi.
Tadbir davomida psixolog tomonidan ochiq muloqot tashkil etilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bemalol muhokama qilish, shaxsiy tajribalari, madaniy farqlar sabab yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar va yangi muhitga moslashuv jarayonidagi kuzatishlarini baham ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv natijalari xalqaro talabalar bilan yanada samarali aloqa o‘rnatish, ularning institut hayotiga tezroq integratsiya qilinishini ta’minlash va psixologik qulay muhit yaratish bo‘yicha keyingi ishlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.