Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talaba-yoshlar o‘rtasida ogohlikni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi profilaktik tadbir o‘tkazildi. Institut profilaktika inspektori, leytenant A.Ortiqov hamda Til va tarjima fakulteti tyutori J.Abdurazzoqov tomonidan tashkil etilgan mazkur suhbatda giyohvandlikning inson hayotiga soladigan real xavflari, uning psixologik, ijtimoiy va huquqiy oqibatlari atroflicha tushuntirildi.
Uchrashuv davomida talabalar bilan jonli muloqot tashkil etilib, giyohvandlikka olib keluvchi omillar, yoshlar orasida uchraydigan turli vasvasalar va ulardan qanday himoyalanish mumkinligi bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Mutaxassislar real hayotiy misollar orqali zararli odatlar inson qadr-qimmatini, salomatligini, kelajagini qanday yo‘qotishini ochib berishdi.
Shu bois, ta’kidlandi: giyohvandlikka qarshi kurash – har birimizning shaxsiy mas’uliyatimizdir. Chunki giyohvandlikdan xoli jamiyat — bu sog‘lom avlod, tinch hayot va mustahkam kelajak demakdir.
“Sog‘lom hayot — eng katta boylik.” Ushbu tamoyilga amal qilish, zararli odatlardan yiroq yurish, o‘z sog‘ligiga befarq bo‘lmaslik — bugunning eng dolzarb ehtiyojidir.