Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Aziza Mirzanazarova Udmurt davlat universitetining talaba va magistrantlari uchun o‘zbek adabiyoti tarixiga bag‘ishlangan onlayn ma’ruza o‘qidi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan mashg‘ulot davomida tinglovchilar o‘zbek adabiyotining eng qadimiy bosqichlari bilan tanishdilar. Xususan, turkiy adabiy tafakkurning ildizlari sanaluvchi O'rxun-Enasoy bitiklari, “Irk Bitig” qo‘lyozmasi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari, shuningdek, xalq og‘zaki ijodining yirik namunalaridan bo‘lgan “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining mazmuni hamda badiiy xususiyatlari yoritib berildi. Shuningdek, Durbekning Yusuf va Zulayhoga bag‘ishlangan dostoni hamda Alisher Navoiyning “Qaro ko‘zum…” g‘azalidagi badiiy obrazlar, uslubiy yondashuvlar va ularning o‘zbek adabiy merosidagi o‘rni talabalarga tushuntirildi.
Ma’ruza davomida ushbu adabiy yodgorliklarning turkiy adabiy an’ananing shakllanishi, obrazli tafakkurni rivojlantirish, adabiy jarayonning tarixiy bosqichlarini aniqlashdagi ahamiyati batafsil tahlil qilindi. Shuningdek, o‘zbek adabiyoti bilan rus hamda Yevropa adabiy maktablari orasidagi umumiylik va farqlar qiyosiy ko‘rinishda muhokama qilindi. Onlayn format tinglovchilarga fikr almashish, matnlarni birgalikda o‘rganish va madaniyatlararo adabiy aloqadorlikni chuqurroq anglash imkonini yaratdi.
Ushbu ma’ruza O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikning amaliy namoyonlaridan biri bo‘lib, institut o‘qituvchilarining xalqaro maydondagi faol o‘rni va ilmiy salohiyatini yanada mustahkamladi.