Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida talabalarning ma’naviy tafakkurini kengaytirish, ularni hayotiy tajribasi boy ustozlar bilan muntazam muloqotga jalb etish maqsadida“Bir ziyoli — 10 talabaga maʼnaviy ustoz” tizimi ma’naviy ustozlik tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus doirasida Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, PhD S.Xolmatova, Ingliz tili kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD N.Jakbarova hamda Til va tarjima fakulteti tyutori U.Abdulxamidov o‘z guruhlariga biriktirilgan talabalar bilan muntazam ishlashni boshladilar.
Tizimning mohiyati — har bir ziyoli ustozga 10 nafar talaba biriktirilishi, ular bilan doimiy uchrashuvlar, suhbatlar va maslahatlar o‘tkazilishi, talabalarning o‘z ustida ishlashi uchun zarur ma’naviy va kasbiy ko‘mak berilishidir.
Ustozlar talabalarning ma’naviy-axloqiy kamolotiga e’tibor qaratib, o‘quv jarayonida uchraydigan qiyinchiliklarni bartaraf etishda ko‘mak beradi, kasbiy yo‘nalish bo‘yicha individual maslahatlar taqdim etadi hamda kommunikativ madaniyat, yetakchilik ko‘nikmalari va shaxsiy intizomni mustahkamlovchi mazmunli suhbatlarni tashkil etadi.
Tashabbus doirasida talabalar uchun turli uchrashuvlar, ustozlik darslari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ular hayotiy tajriba, mehnat madaniyati, shaxsiy rivojlanish va kasbiy maqsadlar borasida chuqur tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Bir ziyoli — 10 talabaga maʼnaviy ustoz” tizimi institutda ma’naviy muhitning yanada mustahkamlanishiga, ustoz va shogird o‘rtasidagi an’anaviy qadriyatlarning izchil davom etishiga xizmat qiladi.