Bugun institutimizning yorqin faxri
— Adashaliyeva Marg'iyona Germaniyaning nufuzli TU Chemnitz universitetida bir semestrlik almashinuv dasturi doirasida bepul ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Bu natija avvalo Marg'iyonaning mehnatsevarligi, tinimsiz izlanishlari va ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi natijasidir. Uning xalqaro maydondagi ilk qadami, shu bilan birga, institutimizning ilmiy salohiyati, talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ta’lim sifatining amaliy tasdig‘i hisoblanadi.
M.Adashaliyeva doimo intellektual salohiyati, mustaqil fikrlashi, mas’uliyatli yondashuvi va bilimga sadoqati bilan ajralib turgan. U ustozlari, xususan Feruza Erkulova rahbarligida, o‘z bilimini mustahkamlab, xalqaro maydonga tayyorlandi. Germaniyaga yo‘l olishi nafaqat shaxsiy yutuqi, balki institutimizning xalqaro maydondagi obro‘si va reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qiladigan muhim voqea hisoblanadi.
Institutimiz bunday iqtidorli yoshlarning muvaffaqiyatlari bilan faxrlanadi, ularning yutuqlari esa kelgusi avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Marg'iyonaga ilm yo‘lida yanada balandroq marralar, mustahkam iroda, cheksiz imkoniyatlar va yorqin muvaffaqiyatlar tilaymiz!